Vena ta'rifi va "qapqa" venasi

Ibn Sino, Ergashaka 2025-06-26 19:51


Arteriyalar kishi gavdasi oʻtxonasin yoqadi,

Venalari aʼzolarni jigar oshxonasida boqadi.


Vena tomirlari ta'rifi va "qopqa" deb ataluvchi vena tomiri anatomiyasi hyaqida


Harakatsiz tomirlarga kelsak, ular hammasi jigardan chiqadilar. Jigardan birinchi bo'lib ikki tomir o'sadi. Ularning biri [jigarning] botiq tomonidan boshlanadi. Uning eng ko'p foydasi jigarga oziqli moddalarni tortishdir; u "qopqa" (yana dorvoza venasi) deb ataladi. Ikkinchi [tomir] esa [jigarning] do'ng tomonidan boshlanadi. Uning foydasi oziq moddalarini jigardan a'zolarga yetkazishdir; u "kovak [vena]" deb ataladi.

"Qopqa" deb atalgan tomirning anatomiyasidan boshlab aytamizki, "qopqa"ning jigar bo'shlig'iga botib turuvchi uchi avval besh bo'lakka bo'linadi va jigarning do'ng tarafining oxiriga yetguncha tarmoqlanadi. Ulardan bittasi o't qopchasiga boradi. Bu tarmoqlar o'sib turgan daraxtning ildizlariga o'xshab, o'sgan o'rniga chuqur kirib boradilar.

"Qopqa"ning jigar botig'iga yaqin bo'lgan uchiga kelsak, u jigardan ajralishi bilanoq sakkiz bo'lakka bo'linadi. Ulardan ikkitasi kichkina bo'lib, oltitasi kattaroqdir. Kichkinalaridan bittasi o'n ikki barmoq deb atalgan ichakka borib yetadi va undan oziqli moddalarni oladi. Bu venadan ajralgan tarmoqlar "pankreas" deb atalgan me'da osti beziga tarqaladilar. Ikkinchi qismi me'daning tuban qismida, ya'ni dorvazabon deb ataluvchi chiqish joyida tarqaladi va undan oziqli moddalarni oladi. Qolgan olti bo'lakdan bittasi me'daning tashqi yuzasini oziqlantirish uchun uning tashqi yuzasiga yo'naladi. Chunki ichki satxi me'daga keladigan oziqli moddalar bilan uchrashadi va ulardan oziqlanadi.

Ikkinchi bo'lak taloqqa borib, uni oziqlantiradi. Bu bo'lak taloqqa yetmasdan, o'zidan tarmoqlar chiqaradi va [bu tarmoqlar] "pankreas" deb ataluvchi a'zoni [me'da osti bezini] venadan taloqqa o'tuvchi eng sof oziq moddasi bilan oziqlantiradi. Undan so'ng bu bo'lak taloqqa keladi va taloqqa yetishgandan keyin, undan kattagina bir tarmoq ajralib orqaga qaytadi, bu tarmoq me'daning so'l tomonida uni oziqlantirish uchun bo'linadi. Taloqqa o'tuvchi bo'lak, uning o'rtasiga yetganida, undan bir qismi yuqoriga ko'tariladi va bir qismi pastga tushadi. Yuqoriga ko'tarilayotgan qismidan taloqning yuqori yarmini oziqlantirish uchun bir tarmoq ketadi. Boshqa qismi esa, me'daning do'mboq yeriga yetguncha oldinga chiqadi; undan so'ng ikki qismga bo'linadi. Bir qismi oziqlantirish uchun me'daning chap tarafi yarmining sirti tarafiga tarqaladi. Bir qismi esa, nordon va taxir bo'lgan savdo chiqindisini [boshqa] chiqindilar bilan haydash uchun va ishtahani qo'zg'atadigan tatalovchi harakat berish uchun me'da og'ziga chuqurlashib boradi, bu haqda biz yuqorida aytgan edik.

Pastga tushuvchi bo'lakka kelsak, u ikkiga bo'linadi. Uning bir qismi taloqni oziqlantirish uchun uning pastki yarmida tarmoqlanadi. Boshqa qismi esa, charviga yo'naladi va uni oziqlantirish uchun u yerda taraladi.

Oldingi olti bo'lakdan uchinchisi so'lga buriladi va najasdagi oziqli moddalarni shimib olish uchun to'g'ri ichak atrofidagi tomir yo'llarida taraladi.

Olti bo'lakdan to'rtinchisi qilga o'xshab ajralib ketadi. Ulardan bir bo'lagi me'da o'ng do'mbog'ining tashqi tarafi bo'ylab taraladi. Bu taloq tarafidan me'daning chap bo'lagiga keluvchi qismga ro'baro' turadi. Boshqa qismi esa, charvining o'ng tarafiga yo'naladi, shu yerda tarqaladi va chapdan taloq tomirlari tarmoqlaridan charviga keluvchi qismga qarama-qarshi turadi.

Olti bo'lakdan beshinchisi oziqli moddalarni olish uchun qulun [nomli yo'g'on] ichakni o'rovchi tutqichlarda tarqaladi. Oltinchi qism ham shunday; uning kattaroq bo'lagi och ichak atrofiga taraladi; qolgan qismi esa, ko'r ichakka yopishgan yupqa o'rovlar atrofida taraladi. Bular oziq moddalarini (Abu Ali ibn Sino venalarning funktsiyasini tog'ri bilgan: venalar ichaklardan ozuqa moddalarni tortib jigarga keltiradilar) tortadilar.