Xiltlarning paydo boʼlishi toʼgʼrisida

Ibn Sino, Ergashaka 2025-05-14 22:38


Abu Ali ibn Sino, Tib qonunlariI,

I Kitob, Toʼrtinchi taʼlim

Xiltlar toʼgʼrisida, ikki fasldan iborat,

ikkinchi fasl

Xiltlarning paydo boʼlishi toʼgʼrisida


Bilginki, ovqatlarning chaynalishi bilan bir qadar hazm boʼlishi bor. Buning sababi shuki, ogʼiz satxi meʼda satxiga tutashgan, xatto ikkalasining satxi goʼyo bir boʼlib, shu tufayli ogʼizda ham hazm quvvati bor. Ogʼiz satxi chaynaluvchi narsaga yoʼliqqanda uni bir qadar oʼzgartiradi, bunga oʼzidagi yetilish sababli tugʼma issiqlikda foydalangan soʼlak yordam beradi. Shuning uchun chaynalgan bugʼdoy chipqon va chiqiqlarni yetiltirishda suv bilan ezilgan va suvda qaynatilgaan bugʼdoy qilolmaydigan ishni qiladi. Chaynalgan narsada bir miqdor yetilish zohir boʼlishiga dalil shuki, chaynalgan narsada avvalgi maza va avvalgi hid sezilmaydi.

Songra, chaynalgan narsa meʼdaga tushganda yolgʼiz meʼdaning harorati bilan tugal hazm boʼlmaydi, balki meʼdaga yaqin turgan [aʼzo] larning ham harorati [unga yordamlashadi]. Meʼda oʼng tomonida jigar, chap tomonida taloq turadi. Taloq oʼz moddasi (savdo) bilan qizdirmaydi, balki oʼzidagi arteriyalar va venalar bilan qizsiradi. Old tomondan esa haroratni yetkazuvchi narsa charvi boʼlib, moyi vositachilik qiladi. Yuqoridan esa yurakning koʼkrak-qorni toʼsigʼi [diafragma] ni qizdirishi vositasi bilan [hazm tugal boʼladi].

Ovqat dastlab hazm boʼlganda koʼp hayvonlarda oʼzicha, aksari hayvonlarda ichilgan narsalar yordami bilan kaymus [xilus] ga (ular sinonim) aylanadi. Kaymus suyuq bir modda boʼlib, yumshoqlik va oqlikda quyuq kashkob (arpa bilan qurut qaynatmasi) ga yoki arpaning suviga oʼxshaydi. Soʼngra kaymusning suyuq qismi meʼda va ichaklardan soʼrilib, m o s o r i q o deb nomlangan tomir yoʼli bilan yuradi. Mosoriqo ingichka qattiq tomirlar boʼlib, ichaklarning hammasi bilan bogʻlangandir. Kaymusning suyuq qismi mosariqoga tushib, jigar dorvoza (vena) si ismli tomirga boradi, shunda jigarga , jigar dorvozasining jigarga kirgan juda kichik qil kabi ingichka boʼlaklariga oʼtadi. Oʼsha qil tomirlarning ogʼizlari jigar doʼngidan chiqqan tomir ildizlari boʼlaklarining ogʼizlari [bilan] uchrashgan boʼladi. Shu suyuq kaymusni gavdaga kirgan ortiq ichilgan suv aralashuvidan boshqa xech narsa bu tor yoʼllardan oʼtkaza olmaydi.

Endi kaymusning suyugʼi u tomirlarning tolalariga tarqalganda goʼyo jigarning hamma borligi shu kaymusning hamma borligi bilan uchrashgan boʼladi. Shuning uchun jigarning kaymusga taʼsiri shiddatliroq va tezroqdir. Shu vaqtda kaymus pishadi va shunga oʼxshash har bir narsaning pishishida koʼpikka va quyqaga oʼxshash narsalar paydo boʼladi. Agar yetilish nihoyat darajaga borsa, baʼzan oʼsha koʼpik va quyqa bilan birga kuyindiga yaqin bir narsa ham paydo boʼladi, agar yetilish yetarli boʼlmasa, hom bir narsa paydo boʼladi. Oʼsha koʼpik - safro, quyqa - savdo boʼlib, bular tabiiydir. Kuyindining suyuq qismi yomon safro, quyugʼi yomon savdo boʼlib, bular gʼayritabiiydir, hom qolgani esa balgʼamdir. Ammo shularning hammasidan koʼra yetilgani va tinigʼi, bu qondir. Qon jigarga kelganidan keyin, mazkur [tor yoʼllarga oʼtish uchun] zarur boʼlgan, ortiq miqdordagi suv moddasi bilan aralashgani uchun keragidan koʼra suyuqroq boʼladi. Lekin shu qon deb atalgan narsa jigardan ajraganda, ajrash bilanoq ortiqcha suv moddasidan ham qutiladi, [chunki] ortiqcha suv moddasiga bir sabab bilan muhtojlik bor edi, endi u sabab yoʼqolgan boʼladi. Suv moddasi jigardan buyraklarga tushadigan tomirga tortiladi va oʼzi bilan birga buyraklarning ozigʼiga kerak boʼladigan miqdor va kayfiyatdagi qonni olib boradi. Buyraklarga oʼsha suv moddasining qolgani qovuq - siydik yoʼliga boradi.

Yaxshi tarkibli qon jigar doʼngidan chiqqan katta tomirga tushib, oʼsha tomirdan shahobcha boʼlgan vena tomirlariga, venalarning kanallariga, kanallarning ariqchalariga, ariqchalarningg soʼrgʼichlariga , keyiin tola qiltomirlariga yoʼl tutadi. Keyin osha tomirlarning ogʼizlaridan izzatli va bilimdon Alloh taqdiri bilan aʼzolar (ning har biriga qon tarkibidagi faqat oʼsha aʼzo uchun keraklisi kerakli miqdor, kayfiyat va sifatda) sizib oʼtadi.

Qonning faol [aktiv] sababi - mutadil issiqlik, moddiy sababi - muʼtadil miqdordagi ovqatlar va yaxshi ichimliklar, shakliy sababi - yetilib pishgan fazilatli [yaxshi] narsalar, tugallovchi sababi - gavdani ovqatlantirishdir.

Tabiiy safroning, yaʼni qon koʼpigining faol sababi esa, muʼtadil issiqlikdir. Kuygan safro (savdo) ning faol sababi xususan, safro jigarda boʼlsa, olov kabi nihoyat darajada issiqdir. Uning moddiy sababi suyuq, issiq shirin, yogʼli va oʼtkir ovqatlardir; shakliy sababi - yetilishning nihoyatga yetishi; tugqallovchi sababi yuqorida aytilgan zaruriyat va manfaatdir.

Balgʼamning faol sababi - yetarli boʼlmagan harorat; moddiy sababi - gʼaliz, hoʼl, yopishqoq, sovuq (mizojli) ovqatlar; shakliy sababi yetilishning toʼliq boʼlmasligi; tugallovchi sababi - yuqoridagi zaruriyat va manfaatdir.

Saʼvdoning faol sababi agar u quyqali boʼlsa, issiqlik, kuygan savdo boʼlsa - muʼtadildan oʼtgan issiqlik; moddiy sababi - quyuq va kam hoʼlli ovqatlar; agar ovqatlar issiq (mizojli) boʼlsa, taʼsiri kuchli boʼladi. Shakliy sabablari oqmasligi yo erimasligi sababidan choʼkkan quyqa, tugallovchi sababi yuqoridagi zaruriyat va manfaatdir.

Jigarning issiqligi, taloqning kuchsizligi, qotiruvchi sovuqning kuchliligi va uzoq vaqt [xiltlarning] qamalib qolishi hamda xiltlarni halok qiluvchi kasalliklar (i) sababli savdo koʼpayadi. Savdo koʼpayib, meʼda bilan jigar orasida toʼxtab qolsa, qonning va yaxshi xiltlarning paydo boʼlishi ozayadi.

Bilishing kerakki, issiqlik va sovuqlik boshqa sabablar bilan birga xiltlarning paydo boʼlishiga sababdirlar. Lekin muʼtadil issiqlik qonni paydo qiladi, ortiq darajalisi esa safroni va juda ham ortigʼi nihoyat darajada kuyish sababli - savdoni paydo qiladi.

Sovuqlik (sovuq mizojli narsalar isteʼmoli) balgʼamni paydo qiladi; juda ortiq darajalisi nihoyat darajali qotirishi sababli savdoni paydo qiladi. Lekin taʼsirlanuvchi [passiv] quvvatlar, faol [aktiv] quvvatlar barobariga rioya qilinmogʼi lozim. Har bir mizoj oʼzining oʼxshashini paydo qilib, zotan zid boʼlmay, vosita orqali zid boʼlgan narsani paydo qilmaydi, deb eʼtiqod qilish kerak emas. Chunki, koʼpincha mizojga oʼzining ziddini paydo qilish togʼri keladi; sovuq, quruq mizoj chet hoʼllikni paydo qilad. Bu paydo qilish oʼsha chet hoʼllikka shaxsan oʼxshashligidan emas, lekin hazm kuchsizligidandir. Bu xolda odam oriq, boʼgʼnlari sust, sochi siyrak, qoʼrqoq, badani sovuq va yumshoq, tomirlari tor boʼladi. Qarilikning mizoji haqiqatda sovuq va quruq boʼla turib, balgʼamni paydo qilishi ham shunga oʼxshaydi.

Yana bilmogʼing kerakki, qonning va qon bilan birga tomirlarda yuradigan boshqa [xilt] larning uchinchi hazmi ham bor. Qon aʼzolarga tarqalganda har aʼzoning oʼzida tortinchi hazm boʼlishi kerak. Meʼdadagi birinchi hazmning ikkinchisi ichaklar yoʼliga oʼtadi. Jigardagi ikkinchi hazm chiqindisining koʼprogʼi siydikka, qolgani taloq va oʼt qopi tomoniga oʼtadi. Qolgan ikki hazm chiqindilari sezilmaydigan tarqalish orqali ter bilan, baʼzisi burun va quloq teshigi kabi seziladigan yoʼllardan chiqadigan yoki badan teshiklari kabi sezilmaydigan yollardan chiqadigan kirlar vositasi bilan, yoki oquvchi shishlar kabi tabiiy boʼlmagan narsalar vositasi bilan, yoki soch va tirnoqlar kabi gavdadan oʼsib chiquvchi narsalar vositasi bilan chiqib ketadi.

Bilginki, xiltlari suyuq boʼlgan kishini boʼshalish (tozalash) kuchsizlantiradi. Agar tana teshiklari keng boʼlsa, shu kenglik sababli ruhning tarqalishidan u kishi kuchiga futur yetadi, chunki tarqalish kuchsizlikka olib keladi hamda suyuq xiltlar boʼshatilishi va tarqalishi oson boʼladi. Boʼshatilishi va tarqalishi oson xiltlarning ruhning tarqalishi (immunitet kuchsizlanishi) ga ishtiroki oson boʼlib, ular bilan birga ruh ham tarqaladi.

Bilginki, xiltlarning paydo boʼlishiga sabablar boʼlgani kabi harakatlariga ham sabablar bor. Harakat va issiq narsalar qonni va safroni harakatlantiradi va baʼzan savdoni qoʼzgʼatib, kuchaytiradi. Lekin osoyishtalik balgʼamni va savdoning baʼzi turlarini kuchaytiradi. Oʼy (yomoni) va vahmlarning oʼzlari ham hiltlarni qoʼzgʼatadi. Masalan, qizil narsalarga qarash (yaqinda ranglar haqida juda katta maqolalar beraman) qonni qoʼzgʼatadi, shuning uchun burun qonash kasaliga uchragan kishini yaltiroq qizil narsaga qarashdan tiyiladi.

Xiltlar toʼgʼrisida va xiltlarning paydo boʼlishlari toʼgʼrisida aytadiganimiz ana shulardir. Bu aytganlarimizning durustligiga qarshi chiquvchi kishilarning eʼtirozlari tabiblarga emas, balki hikmatshunoslarga taalluqlidir.