Xiltlarning qismlari toʼgʼrisida
Balgʼamning baʼzisi nordon boʼladi. Shirin balgʼam oʼzida paydo boʼlgan bir narsa sababli va oʼzidan chet boʼlib, unga aralashgan bir narsa sababli shirin boʼlib, ikkiga boʼlinganidek, nordon balgʼamning nordonligi ham ikki qismga boʼlinadi: biri - chet narsaning aralashuvi sababli nordon boʼlib, bu narsa nordon savdodirki, buni yaqinda eslatamiz. Ikkinchisi - oʼzidagi biror narsa sababli boʼladi: yaʼni tabiiy shirin boʼlgan mazkur balgʼamda yoki shirinlikda oʼshanga oʼxshagan balgʼamda aavvalo boshqa shirin sharbatlarda boʼladigan qaynash (achish), keyin nordonlik kabi xususiyatlar paydo boʼladi.
Balgʼamning baʼzisi taxir boʼlib, Buning xoli manashu: baʼzan uning taxirligi taxirga savdoning aralashuvi sababli boʼladi; baʼzan, oʼzidagi qattiq sovish sababli taxir boʼladi; qattiq sovigandan keyin suv moddasining qotishidan va oʼzining quruqligi sababli ozgina yer moddasiga oʼtishdan mazasi taxirga aylanadi. Uni kuchsiz issiq qaynatib achita olmaydi - nordon qilolmaydi va kuchli harorat etiltirib pishira olmaydi.
Balgʼamning bazisi shishasimon boʼlib, zich va quyuq boʼladi; yopishqoqlikda va ogʼirlikda erib turgan shishaga oʼxshaydi. Shu shishasimon balgʼam baʼzan nordon va baʼzan bemaza boʼladi, bemaza balgʼamning quyuq qismi xom yoki xomga aylanadigan balgʼam boʼlishi mumkin. Balgʼamning shu shishasimon turi avvaldayoq suvga oʼxshash sovuq boʼlib, sasimagan va biron narsa aralashmagan, balki dimiqib qolib, quyuqlashgan va sovugʼi koʼpaygan boʼladi. Demak, buzilgan balgʼamning maza jihatidan toʼrt turli boʼlishi oydinlashdi: shoʼr, nordon, taxir va bemaza deyiladi. Quyuq-suyuqlik jihatdan [ham] toʼrt xil boʼlib, suvsimon, shishasimon, burun shilligʼsimon (manqasimon) va ganchsimon deyiladi. Xom balgʼam esa burun shilligʼisimonga kiradi.
Safroga kelsak, Buning ham baʼzisi tabiiy va baʼzisi gʼayritabiiy, ortiqcha boʼladi. Tabiiysi qonning koʼpigi boʼlib, toza, qizil, yengil, oʼtkir boʼladi, juda qizib ketsa kuchli qizil boʼladi. Shu tabiiy safro jigarda paydo boʼgach, ikki qismga boʼlinadi. Bir qismi qon bilan qoʼshilib ketsa, ikkinchi qismi sof boʼlib, tinib, oʼt qopchasiga boradi. Qonga qoʼshilib ketadigani zarurat va manfaat uchun qoʼshiladi. Zarurati shundan iboratki, oʼpka kabi mizojida safrodan yetarli bir boʼlakning boʼlishi kerak boʼlgan aʼzoni oziqlantirish uchun boʼlib, kerakli miqdorda qonga aralashadi. Manfaati esa qonni latif qilib, tor yoʼllarga oʼtkazishidir.
Safroning sof boʼlib, oʼt qopchasiga oʼtishi ham zarurat va manfaat uchun boʼladi. Zarurati yo butun badan eʼtibori bilan boʼlib, badanning ortiqcha narsa [chiqindi] dan xolos qiladi yoki birgina aʼzo eʼtibori bilan boʼlib, oʼt qopchasini oziqlanriradi. Manfaati ikki turlidir, biri, ichakni quyqa, gʼaliz, yopishqoq balgamlarini yuvadi, ikkinchisi, ichakni va orqa yoʼl mushagini qitiqlab, xojatini xis ettiradi va [kishini] tashqariga chiqishiga muhtoj qiladi. Shuning uchun oʼt qopidan ichakka tushadigan yoʼlda toʼsiq paydo boʼlishi sababli baʼzan qulanj [kasalligi] paydo boʼladi.
Gʼayritabiiy safroga kelsak, buning baʼzisining tabiiylikdan chiqishi chet bir narsaning aralashuvi sababli boʼladi, baʼzisi esa oʼzidagi bir sabab bilan, yaʼni moddadagi gʼayritabiiyligi bilan boʼladi. [Gʼayritabiiy safroning] birinchi xili maʼlum va mashhur boʼlib, bunga aralashuvchi chet narsa balgʼam boʼladi va bu [safro] koʼpincha jigarda paydo boʼladi. Ikkinchi xili uncha mashxur boʼlmay, bunga aralashuvchi chet narsa savdo boʼladi.
Oʼsha yaxshi tanish va mashhuri yo sariq oʼt, yoki tuxum sarigʼiga oʼxshash oʼtdir. Chunki u mashhur safroga aralasuvchi balgʼam baʼzan suyuq boʼlib, bu aralashuvdan sariq oʼt paydo boʼladi. Baʼzan quyuq boʼlib, undan tuxum sarigʼiga oʼxshash oʼt paydo boʼladi.
Uncha mashhur boʼlmagan safroni kuygan safro deb ataladi. Uning paydo boʼlishi ikki yoʼl bilan boʼladi, birinchisi, safro oʼzicha kuyib, unda kulga oʼxshash narsa paydo boʼladi, suyugʼini kulsimondan ajratib boʼlmaydi, balki kul kabisi qamalib qoladi. Bu safroning yomon xili boʼlib, kuygan safro deb ataladi. Ikkinchisi shunday safroki, unga tashqaridan savdo aralashadi. Safroning bu turi eng sogʼlomi boʼlib, uning rangi qizil, lekin toza va ravshan boʼlmaydi, oʼzi qonga oʼxshashroq, ammo suyuqdir. Goho bir qancha sabablarga koʼra rangi oʼzgaradi.
Moddasida tabiiylikdan chiqqan safroning koʼpi baʼzan jigarda va meʼdada paydo boʼladi. Koʼp qismi jigarda paydo boʼladigan safro bir xil boʼladi. Bu qonning suyuq qismi boʼlib, qon kuygan vaqtda uning quyuq qismi "safro" ga aylanadi. Koʼp qismi meʼdada boʼlgan paydo boʼladigan safro ikki xilga boʼlinadi: gandona rangli va zangori rangliditr.Gandona ranglisi tuxum sarigʼi rangli safro kuyishidan paydo boʼlgan boʼlsa kerak, chunki u kuyganda shu kuyish safroda qoralik paydo qiladi, qoralik sariqlikka aralashib, natijada ikkalasining oʼrtasida koʼklik paydo qiladi. Ammo zangori rang safro gandona rangnikidan vujudga kelsa kerak, uning kuyishi zoʼrayib, holligi ketganda quruqligi [oshishi] sababli oqimtir boʼlib [qoladi]. Chunki issiq avvalo hoʼl jismda qoralik paydo qilib, keyin hoʼllikni ketkizgach, qoraligini ham ketkazadi. Harorat shu ishda nihoyat darajaga borsa, gandona rangligini oqartiradi. Shu xolatni oʼtinga [qiyoslab] oʼylab koʼr. Oʼtin avvalo koʼmir boʼlib, keyin kul boʼladi. Chunki harorat hoʼl narsada qoralik, buning ziddida [quruqlikka narsada] oqlik paydo qiladi. Sovuqdan esa hoʼl narsada oqlik, quruq narsada qoramlik paydo qiladi. Gandona rangli va zangori rang safrolarning paydo boʼlishidagi mendan boʼlgan hykmlar taxmindir.
Zangor rangligi safroning eng issiq turi boʼlib, eng yomon va halokatga keltiruvchidir. Aytishlaricha u zaxarli moddalardan paydo boʼladi.
Savdoga kelsak, buning baʼzisi tabiiy va baʼzisi ortiqcha [chiqindi] - gʼayritabiiy boʼladi. Tabiiysi toza qon durdi - tagiga choʼkkani va quyqasidir. Buning mazasi shirinlik bilan kakralik oʼrtasida boʼladi.
Savdo jigarda vujudga kelgach, ikki qismga boʼlinadi. Bir qismi qon bilan birga oʼtib ketadi, ikkinchi qismi esa, taloq tomonga boradi. Qon bilan oʼtuvchisi zarurat va manfaat sababli oʼtadi. Zarurligi shundan iboratki, mizojida savdoning yaxshi qismidan anchagina miqdorda boʼlishi kerak boʼlgan har bir aʼzoni oziqlantirish uchun savdoning yetarli miqdorda qonga aralashishi zarur, masalan, suyaklar shunday. Manfaati shuki, savdo qonni pishiq qilib, kuchaytiradi va quyuq qilib, tarqalishdan saqlaydi.
Qonga kerak boʼlmay, taloqqa boradigan savdo ham zarurat va manfaat uchun boradi. Zarurati yo butun gavdaga tegishli boʻlib, uni ortiqcha narsalardan tozalaydi, yoki birgina aʼzoga nisbatan boʼladi va bunga u taloqni oziqlantiradi. Manfaati shuki, savdo tarqalish oldida meʼdaning ogʼziga tushadi va bu manfaati ikki vajh bilan boʼladi: birinchi vajh - meʼdaning ogʼzini pishiq, qattiq va kuchli qiladi. Ikkinchi vajh - nordonligi bilan meʼda ogʼzini qitiqlab, uni ochlikdan ogohlantiradi va ishtahani qoʼzgʼatadi.
Bilginki, oʼt qopchasiga oqib tushadigan safro qon uchun kerak boʼlmaydi, oʼt qopchasidan oqib chiqadiganini esa oʼt qopchasi kerak qilmaydi. Shunga oʼxshash taloqqa sizib oʼtuvchi savdo qon uchun zarur boʼlmaganidir. Soʼngi sifatli safro pastdan haydovchi quvvatni qoʼzgʼatgani kabi shu keyingi savdo yuqori tomondan tortuvchi quvvatni qoʼzgʼotadi.
Hokimlarning eng odili va yaratuvchilarning eng yaxshisi boʼlgan Alloh kamchiliklardan xolidir.
Gʼayritabiiy savdo choʼkish va quyqa boʼlish bilan vujudga kelmaydi, balki kulga aylanish va kuyish yoʼli bilan vujudga keladi. Chunki yer moddasiga aralashgan hoʼl narsalardan yer moddasi ikki yoʼl bilan ajraladi: birinchi, yo yerga mansub narsalarning choʼkishi bilan ajraladi, bunday hoʼl narsaga qon [dan] tabiiy savdoning [ajralish xoli] misol boʼladi. Ikkinchidan, kuyish yoʼli bilan ajraladi; bunda u hoʼl narsaning suyuq qismi ketib, quyuq qismi qoladi.
Bunga qon va xiltlar, [ulardan] qoldiq, savdoning ajralishi misol boʼla oladi. Bu qora oʼt deb ataladi.
Chokma berish yolgʼiz qonga xosdir. Chunki balgam yopishqoq boʼlgani uchun unda quyqa kabi bir narsa choʼkmaydi. Safro esa suyuq, undagi yer moddasi oz, oʼzi doim harakatli va uning badanda qondan ajralib turuvchi qismi oz miqdorli boʼlgani uchun arziydigan bir narsa undan choʼkmaydi. Safroning qondan ajraydigan miqdori qondan ajraganda, tezdan sasiydi va chiqib ketadi. Sasiganda uning suyugʼi tarqalib quyugʼi kuygan savdo boʼlib qoladi, [bu] choʼkma bermaydi. Qoldiq savdoning baʼzisi safro kuli va safro kuyindisi boʼlib, achchiqdir. Qoldiq savdo bilan biz kuyib ketgan deb atagan safro orasidagi farq shuki, safroga kul aralashgan boʼlmaydigan, ammo [qoldiq savdoda] kul oʼzicha ajralib, cuyugʼi tarqalgan boʼladi.
[Qoldiq savdoning] baʼzisi balgʼam kuli va balgʼam kuyindisidan iborat boʼladi; agar balgʼam juda suyuq boʼlib, suvli boʼlsa, kuli, albatta, shoʼrga moyil boʼladi. Boʼlmasa, yo achigan nordon mazali, yoki kakra boʼladi.
Qoldiq savdoning baʼzisi qon kuli va va qon kuyindisidan iborat boʼladi. Shu qon kuli shoʼr boʼlib, biroz shirinlikka moyil boʼʼladi. Qoldiq savdoning baʼzisi tabiiy savdoning kulidir. Agar [tabiiy savdo] suyuq boʼlsa, kuli va kuyindisi sirka kabi shiddatli nordon boʼlib, yer ustida qaynaydi, hidi ham nordon boʼlib undan pashshaga oʼxshash narsalar qochadi. Agar u quyuq boʼlsa, kulining nordonligi kamroq boʼlib, biroz kakra va achchiq boʼladi. Yomon savdo turlari uchta: kuyib, suyugʼi tarqalgan safro va safrodan keyin aytilgan ikki qismdir.
Balgʼamli savdoga kelsak, uning zarari kuchsizroq va yomonligi kamroqdir. Shu toʼrt xilt kuygan vaqtda zararliligiga [qarab] tartibni egallaydi; eng kuchli va eng yomoni savdodir va uning tez buzuvchi va zararligi safrodan paydo boʼlganidir. Lekin bu davolashga oson beriluvchidir. Soʼngi ikki qismmdan nordonligi kuchli bolganida yomon boʼlsa ham boshlanishida davolansa, uni qabul qiluvchiroqdir. Ammo uchinchisining yerda qaynashi va aʼzoga yopishishi kamroq, halok qilish [xususiyatiga] yetishishi sustroq, lekin tarqalishi, yetilishi va davoni qabul qilishi qiyinroqdir. Tabiiy va qoldiq xiltlarning turlari ana shulardir.
Jolinusning aytishicha, tabiiy xilt qonning bir oʼzi boʼlib, boshqa xiltlar ortiqcha va keraksiz narsalardir deb daʼvo qilgan kishi daʼvosi toʼgri emas. Buning dalili quyidagicha: agar yolgʼiz qon aʼzoga oziq boʼladigan xilt boʼlsa, mizojlarda va tuzilishda aʼzolar bir-biriga oʼxshash boʼlar edi, agar suyakning qoniga savdoga oid qattiq moddasi aralashmagan boʼlsa, u goʼshtdan qattiq boʼlmas edi, shuningdek, miyaning qoniga balgʼamga tegishli yumshoq modda aralashmaganda, u goʼshtga nisbatan yumshoq boʼlmasdi. Xolbuki, qonning oʼzini ham boshqa xiltlarga aralashgan xolda topasan, qon chiqarilib idishga solinganda, u xiltlardan ajraladi: koʼpikka oʼxshash bir boʼlakka ajralgani seziladi, bu - safrodir, tuxum oqiga oʼxshash bir boʼlakka ajralgani seziladi, bu - balfamdir, quyqa va choʼkma kabi boʼlakka ajralgani seziladi, bu - savdodir va suvga oʼxshash bir boʼlakka ajragani seziladi, bu suvli [rutubat] boʼlib, undan ortiqchasi siydik bilan chiqib ketgan. Suvli suyuqlik xiltlarga oid emas, chunki suvli suyuqlik oziq boʼlmaydigan ichimliklardan paydo boʼladi va uning kerakligi ovqatning suyulishi va oʼtishi uchundir. Ammo xiltlar ovqat va oziq boʼladigan ichimliklardan paydo boʼlishadi. "Oziq boʼluvchi" degan soʼzimiz maʼnosi, quvvatda badanga oʼxshash, deyishdir. Odam gavdasiga quvvatda oʼxshash narsalar oddiy boʼlmay, murakkab bir jism boʼladi, suv esa oddiydir.
Baʼzi kishilar: "gavda quvvati qon koʼpligiga, kuchsizligi ozligiga bogʼliqdir", deb gumon qilishadi. Bunday emas, muhimi gavdaning qondan oladigan narsasi, bu esa uning yaxshi sifatli xolatidir.
Baʼzi kishilar: "Xiltlar bir-biriga nisbatan odam gavdasi talab qiladigan miqdorda boʼlsa, [ular] hox koʼpaysin, hox ozaysin [baribir] boʼlib, sogʼliq saqlanib qoladi, deb gumon qiladilar, bunday emas. Balki xiltlarning bir-birlariga nisbatan miqdorlarining saqlanishi bilan birga xiltlarning har biri uchun, boshqa xiltga qiyosan boʼlmagan, oʼzining xos miqdori - oʼlchovi boʼlishi kerak.
Endi xiltlarga oid ishlarda tabiblarning baxs qilmoqlariga munosib boʼlmagan, balki hikmatshunoslarga loyiq boʼladigan masalalar qoldi... u masalalarni tushirib qoldirdik, chunki ular tabiblik sanʼatiga oid emas.