Xizmat qilinuvchi quvvatlar

Ibn Sino, Ergashaka 2025-07-09 12:42

Xizmat qilinuvchi tabiiy quvvatlar haqida

Tabiiy quvvatlarniig ba'zilari xizmat qiluvchi, ba'zilari xizmat qilinuvchi bo'ladi.
Xizmat qilinuvchilari ikki jinsga boʼlinadi. Birinchi jins [quvvat] shaxsning hayotini saqlash uchun ovqatlantirishni boshqaradi. Bular oziqlantiruvchi va o'stiruvchi deb atalgan ikki turga bo'linadi.
Ikkinchi jins [quvvat] turni saqlash maqsadida ovqatlantirishni boshqaradi va bu ham ikki navga, ya'ni tug'diruvchi va shakl beruvchiga bo'linadi.
Oziqlantiruvci quvvat oziq moddalarini oziqlanuvchi [a'zoga] o'xshash bir xolatga keltirib, [gavdada] sarf bo'lgan moddalarning o'rnini qoplashda xizmat qiladi.
O'stiruvchi quvvat oziq moddalarini gavda hajmlarini tabiiy nisbatda ulg'aytirib, ularning iste'mol qilgan ovqatlariga qarab to'la kamolatga yetishiga xizmat qiladi.
Oziqlantiruvchi [quvvat] o'stiruvchi quvvatga xizmat qiladi.
Oziqlantiruvchi quvvat gavdaga ovqatni goho unda qilingan sarfga barobar, goho oz va ba'zan ko'p miqdorda kiritadi. Kelgan narsa taralgan narsadan ortiq bo'lgandagina o'sish bo'ladi, lekin har vaqt o'sish shunday bo'lavermaydi. O'sish to'xtagan davrlarda ozishdan keyingi semirish o'sish emasdir, chunki o'sish gavdaning butun hajmlarini tabiiy nisbatda saqlash va uning orqasida to'la takomilga yetishuvida bo'ladi. [Gavda takomillashgandan] keyin, garchi semirsa ham, o'sish bo'lmaydi. Shuningdek, osish to'xtaguncha garchi oriqlasa ham, so'lish bo'lmaydi, ammo [bu davrdagi ozish] kerak bo'lgan xoldan yiroq bo'lib, g'ayritabiiydir.
Oziqlantiruvchi quvvatning vazifasi uch xususiy ish bilan vujudga keltiriladi.
Birinchisi [sarf qilingan narsaning] o'rnini bosuvchi moddani xosil qilish, ya'ni qon va xiltni. Bu qon va xilt ta'sirga o'tish oldidagi ichki xolati bilan ozuqlanuvchi a'zoga o'xshashdir. [Oziqlantiruvchi quvvatning] shu ishiga ba'zan xalal yetib qoladi. Masalan, oziqlanmay qolish sababli paydo bo'ladigan atrofiya (ozish) kasali kabi.
Ikkinchisi yopishtirish, ya'ni xosil qilingan moddani tugal ishlash bilan oziqqa aylantirish va uni a'zoning bo'lagiga aylanadigan xolga keltirishdir. [Oziqlantiruvchi quvvatning bu ishiga] ba'zan xalal yetib qoladi: masalan, go'shtda suv yig'ilishi ( go'sht istisqosi) kasalida.
Uchinchisi o'xshatish; bu xolda [qilingan modda], a'zoning qismiga aylangandan so'ng, unga hamma nisbatda, xatto tarkib va rang jihatdan ham o'xshash bo'ladi. Ba'zan bu vazifa, pes, bahaq kasalliklaridagi kabi buziladi. Bu ikki kasallikda o'rinni bosish va yopishtiriklik bo'lsa ham, o'xshatishlik yo'qdir. Bu ishni oziqlantiruvchi quvvatlardan bo'lgan o'zgartiruvchi quvvat bajaradi. Bu [oʼzgartiruvchi quvvat] odamda jins yoki birinchi boshlanish joyi e'tibori bilan birdir: lekin bo'laklari o'xshash a'zolarda tur jihatidan o'zgarishi mumkin. Chunki bu a'zolarning har birida ularning mizojlariga qarab, oziqli moddalarni o'xshatish tomoniga qarab o'zgartiradigan kuch bordir. Bu kuch vujudga keltiradigan o'xshatish boshqa kuchlarnikidan ajraladi. Lekin jigardagi o'zgartiruvchi kuch butun gavda uchun umumiy ta'sir ko'rsatadi.
Tug'diruvchi quvvatlar ikki navdir. Bir navi erkaklarda urug' va xotinlarda tuxum tug'diradi, ikkinchisi esa urug'dagi quvvatni ayirib, har bir a'zoga xos qilib, turlicha aralashtiradi. Masalan, asabning o'ziga xos, suyakning o'ziga xos va arteriyalarning o'ziga xos aralashmalarini tayyorlaydi. Bular bo'laklari o'xshash yoki aralashmalari o'xshash urug'larga [taalluqli]. Mana bu quvvatni tabiblar o'zgartiruvchi quvvat deb ataydilar.
Shakl beruvchi quvvatga kelsak, Yaratuvchining izni bilan bu quvvat a'zolarning suratini, shaklini, ularda bo'lgan kovak va teshiklarni, ularning silliqlik va g'adir-budirligini va, shuningdek, ularning vaziyaini, sherikligini va umuman ularning chegaralari va miqdorlariga bog'liq bo'lgan ishlarini vujudga keltiradi.Turni saqlash maqsadida ovqatlarning sarfini boshqaruvchi bu quvvatga oziqlantiruvchi va o'stiruvchi quvvatlar xizmat qiladi.