Xizmat quluvchi tabiiy quvvatlar haqida.
Tabiiy quvvatlardan faqat xizmat qiluvchilariga kelsak, ular toʻrt quvvatdan iborat boʻlib, oziqlantiruvchi quvvatga xizmat qiladi; tortuvchi, ushlab turivchi, hazm qiluvchi va haydovchi (quvvatlar).
Tortuvchi quvvat narsani tortish uchun yratilgandir. Tortish ishini u oʻzi turgan aʼzo boʻyicha choʻzilgan nozik tolalar yordami bilan bajaradi.
Ushlab turuvchi quvvat foydali moddalarni oʻzgartiruvchi va ulardan oziq oluvchi quvvatning hukmida boʻlgan narsalarni ushlab turish uchun yaratilgandir. Bu ish qiyshiq yotgan tolalar yordami bilan bajariladi. Baʼzan bularga koʻndalang yotgan tolalar ham yordam beradi.
Hazm qiluvchi quvvatga kelsak, bu shunday quvvatki, u, tortuvchi quvvat tortib, uslab turuvchi quvvat ushlab turgan narsani oʻzgartiruvchi quvvatning ishiga tayyor xolga va haqiqatan oziqlikka yaroqli boʻlgan mizojga keltiradi. Bu uning foydali narsadagi taʼsiri boʻlib, bu taʼsir hazm deb ataladi. Yoki ularni joylashgan aʼzolaridan haydovchi quvvatning yordami bilan chiqishlarini osonlashtiradi [Bu ish] chiqishga toʻsqinlik qiladigan narsa quyuq boʻlsa, parchalab ajratish yoʻli bilan boʻladi. Bu ish yetiltirish deb ataladi. Hazm bilan yetiltirish baʼzan maʼnodosh tarzda ishlatiladi.
Haydovchi quvvat deb tegishli soxada foydalanib tamomlangan yoki ovqatlanish uchun yaroqli boʻlmagan, yoki ovqatlanish uchun zarur miqdordan ortiq boʻlgan, yoki ularsiz ham hayot kechirish mumkin boʻlgan chiqindilarni haydovchi quvvatga aytiladi. Bunga siydik misol boʻla oladi. Bu quvvat shunday chiqindilarni maxsus tayyorlangan yoʻllardan haydaydi. Agar bunday oʻtish yoʻllari boʻlmay qolsa, muhim aʼzodan ahamiyatsiz aʼzoga va qattiq aʼzodan yumshoq aʼzoga oʻtkazadi. Haydaladigan tomon chiqindining oʻzi oqadigan tomoni boʻlib qolsa, haydovchi shu yoʻldan oqish mumkin boʻlmay qolgungacha uni burib olib ketmaydi.
Bu toʻrt tabiiy quvvatlarga birinchi toʻrt kayfiyat, yaʼni issiqlik, sovuqlik, hoʻllik va quruqlik xizmat qiladi.
Issiqlikning xizmati haqiqatan ham toʻrt quvvatga umumiydir.
Sovuqlik esa, goho ularning baʼzilariga araziy tarzda xizmat qiladi. Haqiqatan sovuqlikning oʻz zotiga koʻra ishi hamma quvvatlarga qarshi boʻlishidir. Chunki hamma quvvatlarning ishlari harakatlar bilan boʻladi. Bu xolat tortish va haydash ishlarida ravshandir. Hazmmning [harakat bilan boʻlishi] quyidagicha: hazm quyuq va qattiq boʻlgan narsalarning boʻlaklarini ayirib, suyuq va yumshoq boʻlgan narsalarga qoʻshish bilan tugal boʻladi. Bu ishlar ajratish va aralashtirish harakatlari bilan boʻladi. Ushlab turuvchi quvvat qiya joylashgan tolani harakatga kirgazib va uni tegishli suratda joylashtirib, qattiq ushlab olishga yordam beradi
Sovuqlikka kelsak, u oʻldiruvchi va karaxt qiluvchidir, garchi u tolalarni yaxshi ushlashlikka yordam beruvchi xolatda saqlab, ularga ushlab berishga araziy tarzda yordam bersa ham, aytilgan barcha harakatlarga qarshilik koʻrsatadi. Demak, sovuqlik ushlab turuvchi quvvatning ishlariga oʻz zotiga koʻra taʼsir qiluvchi kuch sifatida ishtirok etmaydi, lekin ushlovchi qurolga mavqe xozirlab, uning taʼsirini saqlaydi.
Haydovchi quvvatga kelsak, u sovuqlikdan foydalanadi; chunki sovuqlik [chiqindilarni] haydashga yordam beradigan yelning tarqalishiga toʻsqin boʻlib, uni quyuqlashtiradi va koʻndalang siquvchi tolani toʻdalab zichlashtiradi. Bu qurolni moslash [ishga solish] boʻlib, ishning oʻziga yordam berish emasdir. Shuning uchun sovuqlik bu quvvatlarning ishlariga araziy tarzda aralashadi. Agar u quvvatlarning ishlariga bevosita aralashganda edi, ularga zarar keltirib, harakatlarini soʻndirgan boʻlar edi.
Quruqlikka kelsak, unga uch qavat, yaʼni ikkita koʻchiruvchi va bitta ushlab turuvchi quvvat oʻz ishlarida muxtojdir.
Oʻrindan koʻchiruvchi ikki qavat, yaʼni tortuvchi va haydovchi quvvat qiruqlik yordami bilan harakat uchun lozim boʻlgan chidamlikning zoʻrayishini vujudga keltiradi. Men bunda harakatdan bu quvvatlarni ularning ishiga olib boruvchi ruh harakatini tushunaman. Bu harakatga hoʻllikdan kelgan boʻshashishlik, agar bu boʻshashishlik ruh moddasida yoki qurol moddasida boʻlsa, qarshilik koʻrsatadi.
Ushlab turuvchi quvvatning [quruqlikka ehtiyoji] tutish uchundir.
Hoʻllik kayfiyatiga hazm qiluvchi quvvatning ehtiyoji boshqalarga qaraganda koʻproqdir. Keyin bu quvvatlarning taʼsir qiluvchi kayfiyat bilan taʼsirlanuvchi kayfiyatlarga ehtiyojlarini solishtirib koʻrsang, ushlab turuvchi [quvvatning] koʻndalang oʻrnatilgan tolani toʻxtatish muddati ushlab turish uchun ularni harakatlantirish muddatidan koʻproqdir. Negaki, issiqlikka ehtiyoj jihatidan harakatlantirish muddati qisqa boʻlib, ishning qolgan vaqti tutib turish va toʻxtatish uchun sarf boʻlgandir. Yosh bolalarning mizojlari koʻproq hoʻllikka moyil boʻlganidan ularda shu quvvat zaif boʻladi.
Tortish quvvatining issiqlikka boʻlgan ehtiyoji quruqlikka boʻlgan ehtiyojidan koʻproqdir, chunki issiqlik [oziq moddalarini] tortishga yordam beradi. Bu xol faqat issiqlik tortishga yordam qilgandagina emas, balki taʼsirning koʻproq muddati harakatlantirishga sarf boʻlganidadir. Harakatga keltirishga boʻlgan ehtiyoj quruqlik bilan qurolga xos boʻlaklarni toʻxtatish va siqishga boʻlgan ehtiyojdan koʻproqdir.[Bu xol] quvvatning faqat koʻp harakatga muhtoj boʻlganligidangina emas, balki goho kuchli harakatga muhtoj boʻlganligidandir.
Tortilish, magnitga temir tortilgani kabi, tortuvchi quvvatning ishi bilan boʻladi, yoki nasoslarda suv tortilishi kabi, issiqlik jihatidan boʻladi. Lekin bu uchinchi qism, tadqiqotchilarning fikrlaricha, "boʻshliqning zoʻrlashiga" taalluqli. Aniqroq aytganda xuddi oʻziday boʻladi. Tortuvchi quvvat bilan isdiqlik bir-birlariga yordam berishsa, [u vaqtda] tortish kuchliroq boʻladi.
Haydovchi quvvatga kelsak, buning quruqlikka ehtiyoji tortuvchi va ushlab turuvchi quvvatlarnikiga qaraganda kamroqdir. Chunki haydovchi quvvatning ushlab turuvchi quvvat kabi tutib turishga va tortuvchi quvvat kabi tortadigan narsasidan bir boʻlagini tortganida, boshqa boʻlagi qoʻshilib tortilsin uchun uni ushlashga va oʻrab olishga ehtiyoji yoʻq. Xulosa, toʻxtatish ishiga haydovchi quvvatning hech hojati yoʻq, balki siqish va haydash ishlariga yordam beradigan ozgina miqdorda quyultirish ishiga muhtojligi bor. Bu ham [haydovchi] qurolga xos aʼzoning shakl hayʼatini saqlaydigan miqdorda emasdir. Bunga u, ushlab turivchi quvvat uzun muddatda va tortuvchi quvvat [manfaatli narsalarning] boʻlaklarini tortganda, oz muddatda muhtoj boʻladi. Shuning uchun [haydovchi quvvatning] quruqlikka ehtiyoji ozdir.
Quvvatlardan issiqlikka eng muhtoji hazm qiluvchi quvvatdir. Buning quruqlikka ehtiyoji yoʻqdir, balki oziqni oqizish va uni oqadigan yerlardan oʻtib, shakl olishga tayyorlash uchun hoʻllikka muhtojdir. Hoʻllik hazm qilishga yordam beradigan boʻlsa, bolalarning hazm qilish quvvatlari qattiq narsalarni hazm qilishdan ojiz boʻlmasligi kerak, deb aytishga hech kimning haqqi yoʻq. Chunki bolalarning qattiq narsalarni hazm qila olmasliklari, oʻsmirlarning esa bunga qodir boʻlishlari bu [hoʻllik] sababdan emas, balki jinsdosh boʻlish va jinsdoshlikdan uzoq boʻlish sababidandir. Qattiq narsalar bolalarning mizojlariga jinsdosh boʻlmagani uchun ularning hazm qilish quvvatlari bularni qabul qilmaydi; ushlab turivchi quvvatlari ham qabul qilmaydi, haydovchi quvvatlari ularni tezlikda daf qiladi. Oʻsmirlarga kelganimizda, qattiq narsalar ularning mizojlariga muvofiq bolib, ularni oziqlantirishga yaroqli boʻladi.
Mana shularning hammasidan shunday xulosa chiqadi: ushlab turuvchi quvvat uzoq muddat tutishga va shaklni [hayʼatni] ushlab turishga hamda harakat uchun ozgina yordamga muhtoj boʻladi; tortuvchi quvvat esa tutishga va va uning juda ozgina muddat ichida boʻlib turishiga hamda harakat qilishda koʻp yordamga muhtoj boʻladi; haydovchi quvvat faqat koʻp muddat boʻlib turmaydigan tutishgagina va harakatlanish uchun yordamga muhtoj boʻladi; hazm qilish quvvati eritish va aralashtirishga muhtoj boʻladi. Shuning uchun bu quvvatlar toʻrt manfaatni isteʼmol qilishda va ularga muhtoj boʻlishlarida bir-biridan farq qiladi.