Yaxshi havo

Ibn Sino, Ergashaka 2026-05-05 06:00
Yaxshi havo haqida


Moddasi bilan yaxshi havo hech bir bug‘ va tutun kabi yot narsalar atalashmagan havodir. Bu osmon tagidagi ochiq havo bo‘lib, devor va tomlar ichida berkilgan bo‘lmaydi. Lekin umumiy buzilish yetganda, bu ham yaxshi bo‘lmaydi. Chunki bunday vaqtda ochiq havo, berkitilgan havoga qaraganda buzilishni tezroq o‘ziga qabul qiladi. Boshqa xolatlarda ochiq havo yaxshiroqdir. Bu yaxshi havo toza va tiniq bo‘lib, unga pastlik, chuqurlik, chakalakzor, botqoq yerlar va polizlardan, ayniqsa, karam va indov o‘simligi ekilgan yerlardan ko‘tarilgan suv bug‘lari aralashmagan, ayniqsa, qalin daraxtzorlar, yong‘oq, shavhat, anjir kabi moddalari yomon bo‘lgan daraxtlar o‘sgan joydan ko‘tarilgan suv bug‘lari va sassiq hidli yellar aralashmagan bo‘ladi. Shu bilan u yaxshi shamollardan bekilgan ham bo‘lmaydi; chunki yaxshi shamollar baland va tekis yerlardan esadilar. Bunday havo quyosh chiqishi bilan tez soviydigan chuqurlarda qamalib qolgan havo ham emas, va, shuningdek, yaqin muddatda ohak aralashtirib suvalgan va qurib bitmagan devorlar orasida qamalgan va kishini bo‘g‘ib, nafas olishga qo‘ymaydigan havo ham emas.

Havo o‘zgarishlarining baʼzilari tabiiy, baʼzilari g‘ayritabiiy va baʼzilari tabiiy ham emas, tabiiylikdan tashqari ham emasligini bilding. Endi bilginki, tabiatan bo‘lmagan havo o‘zgarishlari tabiatga zid bo‘ladi yoki zid bo‘lmaydi; baʼzan davriy bo‘ladilar, baʼzan davriylikni saqlamaydilar. Yil fasllarining eng sog‘lom bo‘lishlari o‘z tabiatlariga muvofiq bo‘lishidadir, u tabiatning o‘zgarishi esa, kasalliklarni tug‘diradi.