Yil fasllari tarkib topishi

Ibn Sino, Ergashaka 2026-07-23 12:52
Yil fasllari tarkib topishidan kelib chiqadigan hukmlar haqida


Agar issiq qishdan keyin sovuq bahor va undan keyin issiq va sernam yoz kelsa hamda bahor buzuq xiltlarni yozgacha saqlab qolsa, kuzga kelib o‘spirinlar o‘rtasida o‘lat ko‘payadi, ichak shilinishi, ichak yaralanishi va uzoq cho‘ziladigan yomon sifatli qaytalanuvchi isitma ham ko‘payadi. Agar qish juda namli bo‘lsa, bahorda tug‘ishi kerak bo‘lgan xotinlar bolalarini kichik bir sabab bilan ham tashlaydilar, tug‘salar ham zaif, kasal yoki o‘lik tug‘adilar. Kishilar o‘rtasida ko‘z og‘rig‘i va ichdan qon o‘tishi xollari ham tez-tez uchrab turadi. Shu vaqtda, ayniqsa, qari kishilarda nazla ko‘payadi;[suyuqliklar] ularning aʼzolariga quyilib, natijada ular baʼzan to‘satdan o‘lib qoladilar, chunki [suyuqliklar] birdan ko‘plashib turib, ruhning yuradigan yo‘llariga hujum qiladilar. Agar bahor seryog‘in va issiq bo‘lib, sovuq qishdan keyin kelsa, yozda o‘tkir isitmalar, ko‘z og‘rig‘i, ichning yumshashi va ichdan qon o‘tishi ko‘payadi. Bu xil [kasalliklarning] hammasi nazlalar va qish bo‘yi yig‘ilib yotgan balg‘amning issiqlik taʼsirida [gavdaning] ichki bo‘shliqlariga qarab harakat qilishi natijasida paydo bo‘ladi. Bu xol ho‘l mizojli kishilarda, masalan, xotinlarda bo‘ladi. Shu vaqtda chirib sasish va [sasishlik keltirib chiqaradigan] isitmalar ham ko‘payadi. Agar shu xil yozda Sirius yulduzi ko‘rinadigan vaqtda yomg‘ir yog‘sa va shamol essa, bundan yaxshilik kutiladi va kasallar tuzaladi.

Bu xil fasl xotinlar bilan bolalar uchun, ayniqsa, zararli; ularning o‘lmay qolganlari xiltlarning kuyishi va kul bo‘lishi natijasida to‘rt kunlik isitmaga va undan keyin to‘rt kunlik isitmadan kelib chiqadigan istisqo kasaliga duchor bo‘ladilar; taloq og‘riqlari va jigar zaifligi ham shundan kelib chiqadi.[Bu faslning] zarari qari kishilar va gavdalarini sovutish xavfli bo‘lgan kishilar uchun kamroqdir.

Quruq sovuq yozdan keyin yomg‘irli issiq kelsa, kishilarni qishda bosh og‘rig‘iga, yo‘talga, tomoq xirillashi va silga duchor bo‘lishiga moyillashtiradi, chunki bu vaqtda ular ko‘p tumov bo‘ladilar. Shuning uchun quruq issiq yozdan keyin yomg‘irli sovuq kuz kelsa ham qishda bosh og‘rig‘i, nazla, yo‘tal va xirillash xollari ko‘payadi. Issiq yozdan keyin sovuq kuz kelsa [teshiklarning] siqilishi va [moddalarning] to‘xtab qolishidan keladigan kasalliklar ko‘payadikim, bu senga maʼlum bo‘lgan edi.

Agar yoz bilan kuz o‘xshash bo‘lib, ikkalasi ham issiq va namli bo‘lsalar, namlik ko‘payib ketib, qish kelishi bilan yuqorida aytilgan [yo‘llarning] siqilishidan paydo bo‘ladigan kasalliklar ham keladi. Ehtimoldan uzoq emaski, moddalarning ko‘p bo‘lgani uchun to‘xtab qolishi va nafas yo‘llarning torayishi sasishdan keladigan kasalliklarga duchor qiladi. Qish [odam gavdasidagi] ko‘p miqdorda qamalib qolgan yomon moddalarga duch kelgani sababli, turli kasalliklarni paydo qilishdan xoli bo‘lmaydi. Agar ularning ikkalasi (yoz bilan kuz) quruq va sovuq bo‘lsalar, bu holda ulardan namlikdan shikoyat qiluvchilar va xotinlar manfaat topadilar. Boshqalarda esa quruq ko‘z og‘rig‘i, uzoq davom etadigan nazla va o‘tkir isitmalar va melanxoliya bo‘ladi.

Bilginki, sovuq va yomg‘irli qish siyganda achishtirishni keltirib chiqaradi. Agar yozda harorat va quruqlik kuchayib ketsa, o‘ldiruvchi va o‘ldirmovchi, yoriluvchi va yorilmovchi anginalar kelib chiqadi. Yoriladiganlari ichki ham tashqi bo‘ladilar.[Bu vaqtda] siydik tutilishi, qizamiq, suvchechak, ko‘z og‘rig‘i, qon buzilishi, yurak siqilishi, shuningdek, oy ko‘rish va qon tupurishning to‘xtab qolish xollari paydo bo‘ladi. Agar qish quruq bo‘lib, bahor ham quruq bo‘lsa, bu yomondir. Vabo (bu o‘lat) daraxtlar va o‘simliklarni xarob qiladi, bu esa ularni yeyuvchi hayvonlarni xarob qiladi, bu esa ular bilan ovqatlanuvchi odamlarni xarob qiladi.