Yil fasllari

Ibn Sino, Ergashaka 2026-04-29 07:20
Yil fasllari tabiatlari haqida


Bilgil, tabiblarcha yil fasllari astranomlar tushungan yil fasllaridan boshqadir. Chunki astranomlarcha, to‘rt fasl quyoshning byrjlar falagining bahorgi [kecha -kunduz barobarligi] no‘qtasidan boshlab bir choragidan boshqa choragiga o‘tish zamonlaridir. Ammo tabiblarcha, bahor shunday bir zamonki, mo‘tadil iqlimli mamlakatlarda sovuqdan saqlanishga ahamiyat berib isinishga yoki issiqdan saqlanib salqinlashishga hojat tushmaydi; bunda daraxtlar amal qilishga boshlaydi.[Bahor] davri bahorgi kecha-kunduz barobarligidan, yoki undan biroz oldin yo keyin boshlanib, quyosh to Savr burjining yarmiga kelgugunigacha davom etadi. Kuz bizning mamlakatlarga o‘xshash mamlakatlarda davom etishda bahor vaqtiga mos keladi. Boshqa mamlakatlarda bahor bizdagidan oldin va kuz keyin bo‘lishi mumkin.

Issiq davrning hammasi yoz va sovuq davrning hammasi qish deb ataladi. Tabiblar qoshida bahor va kuz davrlarining har biri yoz va qish davrlarining har biridan qisqaroq bo‘ladi. Qish davri uzunlikda yoz davriga muqobil bo‘ladi, yoki mamlakatiga qarab kamroq yo ko‘proq bo‘ladi. Bahor davri mevali daraxtlarning gullashi va mevasini ko‘rsatish vaqtiga, kuz davri esa daraxt barglarining rangi o‘zgarib, tusha boshlashi vaqtiga o‘xshaydi. Bulardan boshqasi qish va yozdir.

Biz aytamiz, bahor mizoji mo‘tadil mizojdir; gumon qilingancha issiq va ho‘l emasdir. Buni haqiqati bilan tekshirish hikmat ilmining tabiiyot qismiga oiddir. Bahorni shak-shubhsiz mo‘tadil fasl deb hisoblaylik. Yoz quyosh zenitga yaqin bo‘lgani uchun issiq va quruqdir. Quyoshdan kelgan nurlarning kuchli bo‘lishi, ularning kelish chiziqlari bilan aks etilish chiziqlari oralaridagi burchaklarning juda tor bo‘lishi yoki burchak yasamasdan, orqaga qaytishlari tufaylidir. Juda tor burchak yasab yoki kelgan chizig‘i bo‘ylab qaytgan yorug‘lik quyuq bo‘ladi. Buning sababi haqiqatda quyosh nuri kelgan yo‘l baʼzan tsilindr va konuslarning o‘qlari bo‘lishida. Go‘yo konus quyoshning markazidan o‘tib kelib, qarshisidagi narsaga tushadi. Baʼzan yorug‘lik tushgan o‘rin tekislik, doira yo doiraga yaqin bir o‘rin bo‘ladi. Yrug‘likning quvvati doiraning o‘qi oldida kuchliroq bo‘ladi, chunki taʼsir bunga butun atrofdan keladi. Atrofga yaqin joydagi taʼsir esa kuchsizroqdir. Biz yozda o‘qda yo uning yaqinida turamiz va bu davr bizdek shimoliy kenglikda turuvchilar uchun uzoq vaqt davom etadi. Qishda biz go‘yo atrofga yaqin bo‘lamiz.

Bizning turgan yerimizdan quyosh avjiga yaqin ergacha bo‘lgan masofa eng uzoq bo‘lsa ham, yozda yorug‘likning kuchliroq bo‘lishi mana shu jihatdan bo‘ladi. Bu yaqinlik va uzoqlik nisbati falsafaning matematika qismidan bo‘lgan astronomiya bo‘limida aytiladi. Quyosh yorug‘ligining zo‘rayishi natijasida issiqlikning kuchayishi falsafaning tabiiyot bo‘limida izohlanadi.

Yoz issiq bo‘lishi bilan bir qatorda, kuchli issiq sababli ho‘llikning bug‘lanishidan, havo moddasi siyraklashib olov tabiatiga o‘xshashidan va shudring kam tushib, yomg‘ir kam yog‘ishidan quruq ham bo‘ladi. Qish esa yuqorida aytilgan sabablarning ziddi bo‘lgani jihatidan, sovuq va ho‘l bo‘ladi.

Kuzda esa issiqlik kamayadi, ammo sovuq hali kuchaymagan bo‘ladi, yilning bu paytida biz, uzoqlik jihatidan yuqorida aytilgan o‘q bilan atrof oralig‘ining o‘rtaligida turib qolganday bo‘lamiz. Shuning uchun kuz issiqlik va sovuqlikda mo‘tadillikka yaqin bo‘lib, ho‘llik va quruqlikda mo‘tadil bo‘lmaydi. Nimaga shunday bo‘lmasinki, agar quyosh havoni quritib, qurituvchi omillarning quritish taʼsiriga qarshi turadigan ho‘llovchi omillarni tug‘diradigan bo‘lsa, sovutish xolati ho‘llash xolatiday emas, chunki sovuqlikka aylantirish yengillik bilan bo‘lib, ho‘llikka aylantirish bunday yengillik bilan bo‘lmaydi.

Yana shu ham borki, sovuqlik yordami bilan ho‘llikka aylantirish issiqlik bilan quruqlikka aylantirishdek emas, chunki issiq bilan quruqlikka aylantirish osonlik bilan bo‘ladi, negaki, ozgina issiqlik quritadi, ozgina sovuqlik esa ho‘l qilmaydi. Aksincha, baʼzan shunday ham bo‘lmaydi. Agar moddada ozgina sovuqlik bo‘lsa, ozgina issiqlikning ho‘llashi kuchliroq bo‘ladi; chunki ozgina issiqlik suyuqlikni bug‘ga aylantiradi va tarqatib yubormaydi; ozgina sovuq esa suyiqlikni quyultirmaydi, ushlab qolmaydi va to‘plamaydi. Shu jihatdan ko‘klamning qish ho‘lligini saqlab turishi ko‘zning yoz quruqligini saqlab turishiga yerisha olmaydi. Chunki kuz quruqligi sovuq bilan mo‘tadil bo‘la olmagan bir muhlatda, bahor ho‘lligi issiq bilan mo‘tadillikka kela oladi. Bu, ho‘llash ham quritish biror qobiliyat taʼsirining borligiga va yo‘qligiga o‘xshaydi. Lekin bir-biriga qarshi bo‘lgan ikki narsaning taʼsiriga o‘xshamaydi. Chunki qurish bu yerda biror narsaning ho‘l moddadan ajralishidan boshqa narsa emas, ho‘llash esa biror narsaning quruqlik moddasidan ajralishi emas, balki unga ho‘l moddani berishdir.

Negaki, biz bu o‘rinda havoning tabiiy suvrati [shakli] va tabiiy kayfiyatini nazarda tutganimizda "ho‘l havo" va "quruq havo" demaymiz, bu haqda so‘zlashning ehtiyoji u qadar katta emas. "Ho‘l havo" degan so‘zimizdan quyuq bitta aralashgan havoni yoki quyuqlashish bilan suv bug‘iga o‘xshagan havoni tushunamiz. "Quruq havo" deb, aralashgan suv bug‘lari undan taralgan, yoki siyraklanish bilan olov moddasiga o‘xshagan, yoki namni shimishda yerga o‘xshagan yer tutunlari aralashgan havoni tushunamiz.

Ko‘klamda qishning ortiqcha ho‘lligi quyosh zenitga yaqin bo‘lganligidan paydo bo‘lgan ozgina issiqlik bilan yo‘qotiladi. Kuzning havosi esa ozgina sovuqlik bilan ho‘l bo‘lmaydi. Buni bilib olishni istasang, o‘ylab ko‘r: agar sovuq havoning sovuqlik darajasi taxminan issiq havoning issiqlik darajasiday bo‘lsa, issiq hahoda ho‘l narsalarning quriganidek, quruq narsalar sovuq havoda namlanadimi? Buni o‘ylab [tekshirib] ko‘rsang, ishning ikkovi bochqa-boshqa ekanligini ko‘rasan. Shu bilan birga bu yerda yana boshqa muhimroq sabab bor. U shuki, ho‘lliklar sovuq havoda ham, issiq havoda ham, faqat ketma-ket yordam kelib turganidagina [yangi ho‘llik kelganidagina] saqlanib turadilar. Qurish esa yordamga hech muhtoj bo‘lmaydi. Nima uchun ho‘llik havo uchun ochiq bo‘lgan jismlarda yoxud havoning o‘zida [keladigan namlikning] yordamisiz saqlanib turmaydigan bo‘ldi? Buning sababi shunday: havoni o‘z gavdamizga nisbatan qattiq sovuq deb ataladi. Holbuki, havoning sovuqligi odam yashaydigan mamlakatlarda, bizning fikrimizcha hech qachon erib tarqalish yuz bermaydigan darajaga bormaydi, balki har bir xolatda erib tarqalish bo‘ladi; chunki unga quyosh va yulduzlarning quvvati taʼsir qiladi. Qachon yordam uzilib, [ho‘llik kelishi to‘xtalib], erib tarqalish davom qilib tursa, qurish tezlashadi. Bahorda bug‘ga aylanishga, qaraganda, erib tarqalish ko‘proqdir. Buning sababi quyidagicha: bug‘ga aylanishlik ikki sababdan vujudga keladi, yaʼni tashqi hahodagi ozgina yengil issiqlikdan ham yer ichida berkitilgan kuchli issiqlikdan; so‘ngisining ozgina qismi yer yuzasiga yaqin bo‘lgan joygacha yetib keladi. Qishda esa yernning ichi xatto juda issiqdir. Bu xolat asosiy tabiiyot ilmlarida bayon qilingan. Havoning issiqligiga kelsak, u ozginadir. Bunday bo‘lganda ho‘llaydigan ikki sabab, yaʼni bug‘larning ko‘tarilishi va ularning quyuqlashishi birlashadi; ko‘pincha sovuqning o‘zi ham havoning moddasida quyuqlanish va bug‘ga aylanishni keltirib chiqaradi.

Bahorda esa havoni eritib tarqatishi bug‘lanishidan kuchliroq bo‘ladi. Yernning ichki yashirin issiqligi juda kamayadi; bu issiqlikning yer ustiga yo‘nalgan qismi, havo moddasini o‘ziga mahkam olgan narsa uni haydaganida, u ustga chiqadi; shuning uchun u bug‘ga aylantiruvchi boshlang‘ich quvvatdan kuchliroqdir, yoki biroz bug‘lantiruvchidan kuchliroqdir. Bu narsa moddani suyuqlantiradi, chunki uning ozgina quyuqligi havodagi kuchaygan issiqlikka yo‘liqadi va shuning natijasida erib tarqalish tugal bajariladi. Bu ko‘p xollarda yuqoridagi sabablarning ayrim taʼsirlarini ko‘zda tutib olindi; boshqa sabablar biz aytganimizdan bo‘lak xollarni keltirib chiqaradi.

Yana bahorda yuqoriga ko‘tarilib uchib ketadigan narsalar moddasi ko‘p bo‘lmaydi. Shuning uchun bahor tabiati issiqlik va sovuqlikda mo‘tadil bo‘lganidek, ho‘llik va quruqlikda ham mo‘tadil bo‘lishi zarur bo‘ladi. Shuning bilan birga bahornning avvalgi payti ho‘lliroq bo‘ladi, degan fikrni rad qilmaymiz. Biroq bu ho‘llik kuz mizojidagi quruqlik mo‘tadillikdan uzoq emasdir.

Keyin aytaman: har kim kuzni issiq va sovuqlikda juda mo‘tadil deb hisoblamasa, bu kishi haqiqatdan uzoq emasdir. Negaki, kuz o‘z tashqi belgilari bilan yozga o‘xshaydi, chunki kuzgi havo juda quruq bo‘lib, isishni o‘ziga olishga va olovli moddaga aylanishga yaxshi qobiliyatlidir; yoz uni shunga tayyorlagandir. Quyosh kuzda zenitdan uzoq bo‘lganidan va suyuq, siyrak havo sovituvchi narsalarni qattiq qabul qilganidan, kuzning kechalari va ertalari sovuq bo‘ladi.

Bahorga kelsak, u ikkala kayfiyatda ham [issiqlik va sovuqlikda] mo‘tadillikka yaqindir. Chunki bahorning havosi, kuzdagi sababga shakldosh bo‘lgan sabab taʼsiri bilan kuz havosi qabul qilgan qizdirish va sovutishlarni qabul qilmaydi. Demak, bahor da kechasi kunduzdan ko‘p farq qilmaydi.

Agar biror kishi, nima uchun kuz kechalari bahor kechalaridan sovuqroq bo‘ladi, kuzning havosi siyrakroq bo‘lganidan issiqroq bo‘lishi kerak edi, desa, bunga javob berib aytamizki, ko‘p siyraklangan havo issiq va sovuqni tezroq qabul qiladi; ko‘p siyraklangan suv ham shunday. Shu jihatdan suvni isitib, yaxlatishga qo‘ysang, sovuq suvga qaraganda tezroq yaxlaydi. Chunki siyraklanish jihatidan sovutish tezroq taʼsir qiladi. Yana odam gavdasi bahor sovug‘ini kuzning sovug‘ini his qilgandek sezmaydi. Chunki gavda bahorda sovuqdan issiqqa endi o‘tib turgan bo‘ladi ham sovuqqa o‘rgangan bo‘ladi. Kuzda esa buning aksi bo‘ladi. Bundan tashqari kuz qishga qarab ketayotgan bo‘lsa, bahor qishdan uzoqlashayotgan bo‘ladi.

Bilginki, yil fasllarining o‘zgarishlari har bir iqlimda biror-bir kasallikni qo‘zg‘atadi. Tabib buni har qaysi iqlimga nisbatan yaxshi bilishi zarur; chunki ehtiyot choralari va tadbirlarni belgilash bilishlikka asoslangandir. Ayrim kunlar boshqa kunlarga nisbatan ayrim fasllarga o‘xshaydi. Qish kunlari, yoz kunlari va kuz kunlari bo‘ladi; shuningdek, bir kunnig o‘zida ham sovuq, ham issiq bo‘lishi mumkin.