Yosh va jins mizojlari haqida

Ibn Sino, Ergashaka 2025-05-13 19:06
Abu Ali ibn Sino. Tib qonunlari Uchincni taʼlim. Mizojlar toʼgʼrisida
Uch fasldan iborat. Uchinchi fasl
Yosh va jins mizojlari haqida

Yoshlar umuman toʼrt qismdir:
1. "Oʼsish yoshi", bunga "oʼsmirlik" deb ham nom beriladi. Bu oʼttiz yilcha davom etadi.
2. "Oʼsishdan toʼxtash yoshi" yoki "yoshlik davri", bu oʼttiz besh yoki qirq yoshgacha boʼlgan davr.
3. "Qisman quvvat boʼlaturib, choʼkish yoshi, bu oʼrtacha yoshdagi kishilarga mansub boʼlib oltmish yoshgacha davom etadi.
4. "Kuchsizlik bilan birga choʼkish yoshi", bu umr oxirigacha choʼzilib davom etadigan qarilik yoshidir.
Lekin "oʼsmirlik"
1) "chaqaloqlikka" ham boʼlinadi. Bu yoshda bolaning tanasi harakatlarga va oʼzicha turish va qoʼzgʼalishga hali qobiliyatli boʼlmaydi va
2) "bolalik" ka boʼlinadi. Bu oʼzicha turish va keyinchalik [gavdaning] qotishidan oldingi yoshdir. Bu yoshlarda tishlarning tuzilishi va chiqishi hali tamom boʼlmaydi. Undan keyin
3) "oʼsish davri" ga boʼlinadi, bu [gavda qotib] va tishlar tamom chiqib, balogʼatga yetishgacha boʼlgan yosh, keyin
4) "oʼsmirlik" va "balogʼat" yoshiga boʼlinadi. Bu soqol-moʼylab chiqqunicha boʼlgan yosh. Keyin
5) "yigitlik" yoshiga boʼlinadi, bu esa oʼsish toʼxtaguncha boʼlgan yoshdir.
Bolalarning chaqaloqlikdan oʼsish yoshigacha boʼlgan mizojlari issiqlikda muʼtadilga yaqin boʼlib, hoʼlligi ortiqcha boʼladi.
Bola bilan oʼsmir [mizojining] issiqligi haqida qadimgi tabiblar oʼrtasida ixtilof bor. Baʼzilari bolaning issiqligi kuchliroq, shuning uchun ular koʼproq va tezroq oʼsadi, ishtaha ham [hazm] kabi tabiiy, ishlari ham kuchli va davomliroqdir, deb fikr qiladilar. Baʼzilarining fikricha, oʼsmirlarda tugʼma issiqlik kuchli, chunki ularning qonlari koʼproq va pishiqroqdir. Suning uchun ularda burun qonash koʼproq va kuchli boʼladi. [Oʼsmirlarning] mizojlari safroga moyilroqdir, bolalarning mizojlari esa balgʼamga moyilroqdir. [Oʼsmirlar]ning hamma harakatlari kuchliroqdir, harakat esa issiqlik bilan boʼladi. Oʼsmirlarda ovqatni singdirish va hazm ham kuchliroqdir, bular ham issiqlik bilan boʼladi. Ammo ishtaha issiqlik bilan emas, balki sovuqlik bilan boʼladi. Shuning uchun koʼpincha "yutoqish" sovuqlikdan paydo boʼladi. Ularnu ovqatni singdirishlari juda kuchli ekaniga dalil shuki, ularda bolalardagi hazm boʼlishi sababli boʼladigan oʼxchish, qusish, sassiq kekirish boʼlmaydi. Oʼsmirlarning mizojlari safroga moyil ekaniga dalil shuki, ulardagi kasalliklarning hammasi kun ora isitma kabi issiq va qusuqlari safroli boʼladi. Lekin bolalar kasalliklarining koʼpi hoʼl va sovuq mizojli boʼlib, isitmalari balgʼamdan paydo boʼladi. Bolalar qusugʼining koʼp qismi balgʼamdir. Ammo bolalardagi oʼsish, ularga issilikning kuchliligidan emas, balki hoʼllikning koʼpligidandir. Bolalardagi ishtahaning koʼpligi issiqliklarining ozligiga dalolat qiladi. [Yuqorida eslatilgan] ikki toʼda tabiblarning yoʼllari va hujjatlari ana shu. Ammo Jolinus ikkala toʼda fikrini ham rad qilib, qoʼyidagicha oʼylaydi: issiq aslida bolalarda va oʼsmirlarda barobardir, lekin, bolalarning issigʼi miqdori jihatidan koʼproq, kayfiyat [sifat] jihatidan kamroqdir. Oʼsmirlarning issiqlari miqdor jihatidan kamroq boʼlib, kayfiyat jihatidan, yaʼni oʼtkirlikda koʼproqdir.
Jolinus soʼzicha, buning bayoni shunday, miqdori bir xil boʼlgan issiqlikning oʼzi yoki miqdor va kayfiyatda bir boʼlgan engil issiq jism baʼzan suv kabi hoʼl miqdori koʼp moddada tarqaladi, baʼzan esa tosh kabi quruq, miqdori oz moddada tarqaladi deb gumon (gumon - notoʼgʼri) faraz qilish kerak. Shunday boʼlgach, suv issigʼining miqdori koʼproq, kayfiyatda yumshoqroq, tosh issigʼining esa miqdori ozroq va kayfiyatda oʼtkirroq ekanini topamiz. Bolalar va oʼsmirlardagi issiqlikni shunga qiyos qil!
Chunki bolalar koʼp issiqli maniydan tugʼiladilar, bu issiqni soʼndiruvchi biror sabab [ularda] hali paydo boʼlmagan, chunki bola toʼxtovsiz unib, asta-sekin oʼsadi. [Uning] oʼsishi hanuz toxtamagan. Bas, toʼxtamagan oʼsish qanday [orqasiga] qaytadi? Oʼsmirning tugʼma issiqligini orttiruvchi va soʼndiruvchi sabab paydo boʼlmagan, balki u tugʼma issiq oʼsmir to choʼkishga boshlagunigacha miqdor va kayfiyatda kam boʼlgan hoʼllik bilan saqlanadi. Bu hoʼllikning kamligi issiqni saqlashga nisbatan kam sanalmaydi, balki oʼsishga qiyosan kam sanaladi. Goʼyo hoʼllik avvalo ikkala narsaga tamom yetarli miqdorda boʼlib, haroratni saqlaydi va oʼsishga ham yordam beradi. Keyin oxirida ikkala narsaga ham yetmaydigan miqdorda boʼladi, nihoyat ikkala ishning birortasiga va yetishmaydigan miqdorga keladi. Demak, hoʼllikning miqdori oʼrta xisobda hech boʼlmaganda ikki narsaning biriga yetadigan, ikkinchisiga yetmaydigan miqdorda boʼlishi kerak boʼladi. Hoʼllik ostirishga yetsa ham, tugʼma issiqlikni saqlashga yetmaydi, deyish mumkin emas. Chunki biron narsaning aslini saqlay olmaydigan [omil] u narsani qanday qilib oʼstira oladi? Bas, endi [bu hoʼllik] tugʼma issiqlikni saqlarlik va oʼsish uchun kifoya qilmaslik miqdorida boʼlib qoladi, maʼlumki, bunday yosh oʼsmirlik yoshidir.

Ikkinchi toʼda [qadimgi tabiblblarning]: "oʼsish bolalarda issiqlik, tufayli emas, hoʼllik tufayliginadir", degan soʼzlari xatodir. Chunki hoʼllik oʼsishning moddasidir, modda esa oʼzicha taʼsirlanuvchi va kayfiyatlanuvchi boʼlmay, balki unga faol quvvat taʼsir qilgan vaqtda [taʼsirlanadi] va [kayfiyatni qabul qiladi]. Faol quvvat bu yerda qudratli va ulygʼ Allohning izni bilan, nafs [jon] yoki tabiatdir. (Yaʼni, tabiat ham Alloh maxlyqi). U tugʼma issiqlikdan iborat boʼlgan olat yordami bilangina taʼsir qiladi. Yana, ana shu tabiblarning "bolalardagi ishtaha quvvati mizojlarining sovuqligidandir", degan soʼzlari ham xatodir. Chunki sovuq mizoj sababli paydo boʼladigan buzuq ishtahada ovqat singmaydi va oziqlantirmaydi. Xolbuki, koproq vaqt bolalarda ovqatning singishi eng yaxshi xolda boʼladi. Agar shunday boʼlmasa, bolalar [badaniga] sarf boʼluvchi narsalardan koʼra koʼproq badalni, yaʼni ovqatni qabul qilib oʼsayotgan boʼlmasdilar. Lekin goho, bolalarda badnafsliklari, ovqatlariga kam eʼtibor berganliklari, xom, yomon narsalarni kʼop yeyishlari va bularni yeyish ustiga zararli harakatlarda boʼlishlari sababli ularda chiqindilar koproq yigʼilib, koʼproq tozalanishga muhtoj boʼladilar. Xususan, [ularning] oʼpkalari koʼproq tozalanishga muhtoj boʻladi. Shuning uchun [ularning] tomir urishi toʼliq boʼlmasa ham, ketma-ket, tez-tez va shiddatliroq boʼladi, chunki quvvatlari hali toʼliq boʼlmagan boʼladi. Jolinus bayon qilishni oʼz ustiga olgan bola va oʼsmir mizoji haqidagi soʼz shudir, uning bayonini biz oʼz soʼzimiz bilan berdik.
Soʼngra, bilmogʼing kerakki, oʼsishdan toʼxtash yoshidan keyin issiqlik ozayishga boshlaydi. Buning sababi oʼrab turgan havo issiqlikning moddasini, yaʼni hoʼllikni shimib olishi [havoga badan] ichkarisida boʼlgan tugʼma issiqlik hamda kundalik hayotga zarur boʼlgan gavda va ruhga oid harakatlarning yordam berishi va bunga kishi tabiatining doimo qarshi turishiga ojizligidir. Chunki hamma jismoniy quvvatlar tugallanuvchidirlar, bu narsa tabiiyot ilmida bayon qilingan. [Jismoniy quvvatlarning] taʼsiri [moddani aʼzoga kiritishda] doimiy boʼlib turmaydi. Agar quvvatlar tugamaydigan toʼla boʼlsa, [badanda] sarf boʼlganning oʼrniga doima barobar bir miqdorda badal keltirib turar edi. Lekin sarf boʼlish bir miqdorda emas, balki badali sarf boʼlganga barobarlasha olmagach, hoʼllikni yoʼq qilib yuborar edi.
Bu mumkin emas! Ikki narsa - badalning ozayib va sarfning ortib borishi, quvvatlarning ozayishiga va oʼsishdan qaytishga yordam beruvchilardir. Shunday boʼlgach, moddani yoʼq qilish, balki issiqlikni soʼndirish zarur boʼlib qoladi. Xususan, issiqlikning soʼnishi moddaning yordami tufayli boʼlsa, unga boshqa bir sabab imkon beradi, bu sabab shunday chet hoʼllikdirki, hazm boʼlgan ovqatning badali yoʼqligidan paydo boʼlib turadi. Oʼsha chet hoʼllik issiqlikning soʼnishiga ikki sababdan yordam beradi. Biri - boʼgʼishi va koʼp yigʼilishi bilan, ikkinchisi - kayfiyat qʼarshiligi bilan. Chunki bu chet hoʼllik balgʼamli va sovuqdir. Ana shu issiqlikning soʼnishi har bir kishi uchun vaqti belgilangan tabiiy oʼlimdir. Chunki u kishining avvalgi mizojiga qarab, hoʼllikni saqlovchi quvvatining saqlashni ustiga olishi mana shu vaqtgachadir. "Har kishiga atalgan ajal [muhlati] - (Qurʼondan) , - va har muhlatga oʼlchov bor". Oʼsha ajal kishilarda mizojlarning turliligi bilan (ijrosi) turlichadir. Ana shu belgilangan ajallar tabiiy oʼlimdir. Bu yerda tabiiy ajallardan boshqa, toʼsatdan keluvchi ajallar ham bor. Bular boshqa [masala], hammasi taqdirdan boʼladi.
Endi bu yerda shunday [xulosa xosil boʼladi]: bolalarning va yoshlarning badanlari muʼtadil darajada issiq. Oʼrta yoshlilar va qariyalarning badanlari sovuq, lekin bolalarning badanlari oʼsayotganliklari uchun muʼtadildan hoʼlroq. Bunga tajriba dalil boʼladiki, bolalarning suyaklari va asablari yumshoqroqdir. Yana bunga bolalarning maniyga va bugʼsuʼimon ruhga yaqin boʼlgan davrlariga koʼp vaqt oʼtmaganlik qiyosiy dalil boʼladi.
Ammo oʼrta yoshlilar, xususan, qarilar juda sovuq mizojli boʼlish bilan birga juda quruqdirlar. Buni suyaklarining qattiqligi va terilarinind quruqligi asosida tajriba qilib bilinadi hamda qiyosan maniyga, qonga va bugʼsimon ruhga yaqin boʼlganlik davrlariga koʼp (vaqt) oʼtganlik bilan aniqlanadi.
Soʼngra, olovga tegishli narsalar bolalarda va oʼsmirlarda barobar boʼlib, havo va suvga taalluqli narsalar bolalarda koʼproqdir. Er [moddasi] oʼrta yoshlarda va qariyalarda bolalar va oʼsmirlardagidan koʼproq. Qariyalarda esa (yerlik modda) [hammasinikidan] koʼproq. (Biroq bu tuproq narsa oʼsishi va oziqlanishiga noloyiqdir).
Oʼsmirning mizoji bolaning muʼtadil mizojidan yuqori [darajada] muʼtadildir. Lekin oʼsmir bolaga nisbatan quruq mizojli, qariyalar va oʼrta yoshlilarga nisbatan issiq mizojlidir. Qaʼrining asosiy aʼzolari oʼsmir va oʼrta yoshlinikidan quruq mijojliroqdir, [gavdasini] hollab turuvchi chet hoʼllik bilan u ikkisidan hoʼl mizojliroqdir.
Jinslar [erkak va xotin] eʼtibori bilan mizojlarning ayirmasiga kelsak, xotinlar erkaklarga nisbatan sovuq mizojliroqdirlar. Shuning ucun tuzilishda erlarga qaraganda kuchsizroqdirlar. Hamda mizojlari hoʼlroqdir. (Shuningchun ayollar erkaklardan oʼrtacha oʼn yilgacha Koʼp yashaydilar). Mizojlari sovuqligi natijasida chiqindilari koʼp, jismoniy [harakatlarining] ozligidan goʼshtlari moddasi gʼovakroqdir. Er kishining goʼshti oʼziga aralashuvchi narsa bilan murakkabligi jihatidan gʼovakroq boʼlsa ham gʼalizligi va zichligi sababli ichiga oʼtgan qon tomirlari va asab tolalariga nisbatan sovuqdir.
Shimol aholilari va suvda ishlovchilar [mizojlari] hoʼlroqdir, bunga teskari sharoitdagilarniki aksinchadir.
Mizojlar belgilariga kelsak, ular haqida umumiy va xususiy alomatlarni bayon qiladigan joyda gapiramiz.